Korrupsiyaga qarshi kurashish
Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti rektori
Tojiyev Rustambek Rasulovich
Xalqaro oziq-ovqat texnologiyalari va muhandisligi institutining rektoridan talabalarga va xodimlarga murojaat.
MUROJAATNOMA
Assalomu alaykum, hurmatli xodimlar va qadrli talabalar. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbuslari bilan mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olishga, unga qarshi kurashishga, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiya omillariga chek qo‘yishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Buni so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, davlat dasturlari misolida ham ko‘rish mumkin.
Shu bilan birga, Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro institutning boshqaruv tizimi faoliyatida korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga barham berishga qaratilgan vazifalar va yo‘nalishlar belgilab olinib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash, shuningdek, ularni kamaytirish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Bundan tashqari, institutda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaning oldini olishga doir targ‘ibot tadbirlari, faoliyat yuritayotgan xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha o‘quv seminarlari, treninglar, brifinglar va davra suhbatlari tashkil etib borilmoqda.
Shu o‘rinda, institutda faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarga shuni alohida ta’kidlagan bo‘lar edim-ki, korrupsiyaga mutlaqo toqatsizlik tamoyiliga tayangan holda korrupsiya bilan bog‘liq har qanday hattiharakatlarda ishtirok etmang, boshqa shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab harakat qilmang, pora olish yoki g‘ayriqonuniy boshqa maqsadlarda o‘z xizmat mavqeyingizdan noqonuniy foydalanmang.
Biz shuni unutmasligimiz kerakki, korrupsiya ma’lum bir sohaga emas, balki butun jamiyat taraqqiyotining inqiroziga olib keladi, davlatni ich-ichidan yemiradi. Hozirda korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadlariga faqat tashkiliy-huquqiy vositalar bilan erishib bo‘lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.
O‘ylaymanki, jamiyat kushandasi bo‘lgan ushbu illatga qarshi kurashda nafaqat davlat tashkilotlari, balki, jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz mas’uldir. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz lozim. Shunday ekan, davlat va jamoat tashkilotlari bu illatni oldini olishi va unga qarshi kurashda hamjihat bo‘lishi samarali natijalarga erishishning eng maqbul yo‘li bo‘lib hisoblanadi.
Yurtimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarga mutanosib ravishda bizning institutimizda ham o‘quv jarayonlaridagi har qanday korrupsion holatlar, ta’magirlik va firibgarlikka qarshi tizimli ishlar tashkil qilingan va bu jarayon bir zumga bo‘lsada to‘xtab qolgani yo‘q. So‘nggi yillarda abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish, natijalarni e’lon qilish jarayonlari to‘la raqamlashib inson omilining ishtiroki keskin darajada kamaytirildi.
O‘quv jarayonlaridagi yangi o‘zgarishlar esa ulug‘ maqsadlar yo‘lidagi imkoniyatlar eshigini ochadi. Lekin, ba’zi bir ota-onalar farzandining bilimi va qabul jarayonidagi adolatlilik tamoyiliga ishonmay noqonuniy yo‘llar bilan oliy ta’lim muassasasiga kirishiga imkoniyat qidiradi hamda nopok, firibgar kimsalarga aldanib qoladi. Aziz ota-onalar farzandingizga bergan tarbiyangizga va uning egallagan bilimiga ishonch bildiring. Ogoh va ziyrak bo‘ling!
E’tiboringiz uchun tashakkur!
Korrupsion xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti
Ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish bo'yicha yo'riqnoma
Aloqa kanallaridan tushgan xabarlarni qabul qilish
Ichki nazorat
Odob axloq kodeksi